Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidagi nutqi​

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Hurmatli uchrashuv qatnashchilari!

Аvvalo, siz, muhtaram doʼstlarimni – Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari va delegatsiyalar aʼzolarini chin qalbimdan qutlayman.
Ushbu Maslahat uchrashuvining oʼtkazilishi manfaatlarimizning oʼzaro mushtarakligi, mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb masalalari boʼyicha ochiq muloqot va birgalikda qarorlar qabul qilishga tayyor ekanimizni yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.
 
Biz hozirgina tor doirada oʼtkazgan muzokaralarda hamkorligimizning bugungi holati va istiqbollarini atroflicha muhokama qildik va mamlakatlarimiz oʼrtasida oʼzaro ishonch, yaxshi qoʼshnichilik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash zarurligi haqida yakdil fikrga keldik.
Maʼlumki, Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga koʼra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida boʼlib kelgan.
 
Bizning mintaqamiz doimo oʼzining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʼlaydigan noyob koʼprik boʼlib xizmat qilgan.
 
Ushbu qutlugʼ zaminda dunyo sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʼshgan buyuk gumanist olimlar, mutafakkir va shoirlar yashab ijod qilgan. Bu yerda ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud.
 
Bugungi kunda ham Markaziy Osiyoda dunyoning raqobatdosh qudratli davlatlarining manfaatlari oʼzaro kesishib keladi.
 
Bizga bevosita yaqin boʼlgan hududlarda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka taʼsir etadigan yirik beqarorlik oʼchoqlari mavjud.
 
Bizning oldimizda murakkab savollar turibdi: Markaziy Osiyo qanchalik izchil va barqaror rivojlanadi? Bizning mamlakatlarimiz qanday yangi xavf-xatar va tahdidlarga duch kelishi mumkin? Biz, umumiy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, mintaqaviy hamkorligimizni bundan keyin qanday olib boramiz?
 
Bugun biz ana shunday muhim hayotiy savollarga birgalikda javob topishimiz kerak.
 
Hurmatli uchrashuv qatnashchilari!
 
Mintaqaning har bir davlati Markaziy Osiyoning barqarorligi va ravnaqini taʼminlashga munosib hissa qoʼshib kelmoqda. Siyosiy iroda va amaliy qadamlarimiz tufayli biz hamkorlikning yanada yuqori bosqichiga koʼtarilmoqdamiz.
 
Bizning hamjihatligimiz va faol saʼy-harakatlarimiz koʼp qirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Biz qisqa muddatda birgalikda real tarzda oldinga siljishga erishdik.
 
Xususan, Oʼzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi soʼnggi yillarda 2 barobar, qoʼshma korxonalar soni 4 marta oʼsdi.
 
Biz sheriklarimiz bilan birgalikda chegaralarimizda huquqiy rasmiylashtirish ishlarini yakunlash arafasida turibmiz. Oltmishga yaqin oʼtish punktlarining toʼlaqonli faoliyatini taʼminlab, vizalarni bekor qildik.
 
Ishbilarmonlik va hududlararo aloqalar, transport qatnovlari, madaniy-gumanitar almashuvlar kengayib bormoqda.
 
Oʼtgan yili Oʼzbekistonda birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi hamda mamlakatlarimizning Bosh vazirlari oʼrinbosarlari darajasida Ishchi guruhning dastlabki uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
 
Oʼn yillik tanaffusdan soʼng 2018 yilda Turkmanistonda Orolni qutqarish xalqaro jamgʼarmasining yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
 
Mamlakatlarimizning BMT Xavfsizlik Kengashida Аfgʼoniston boʼyicha muzokaralarning olib borilgani, Markaziy Osiyoda radiatsiya xavfsizligini taʼminlash, “Barqaror rivojlanish uchun suv” harakatlarining xalqaro oʼn yilligi, Energetik xartiyaning Аshxobod deklaratsiyasi qabul qilingani, Markaziy Osiyo boʼyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining rezolyutsiyalari va shu kabi boshqa koʼplab keng eʼtirof etilgan xalqaro tashabbuslari yaxshi maʼlum.
 
Bularning barchasida barqaror bir tendentsiya – davlatlarimizning mustaqil roli va umumiy kelajak uchun masʼuliyati kuchayib borayotgani namoyon boʼlmoqda.
 
Shuni mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy va global masalalar boʼyicha tobora koʼproq umumiy pozitsiyadan turib fikr bildirmoqda.
 
Bizning mintaqadagi oʼzaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini taʼkidlamoqchiman. U qatʼiy siyosiy tanlovga asoslangan boʼlib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas.
 
Bu borada, birlik va jipslikni mustahkamlagan holda, biz izchil va barqaror rivojlanib borayotgan mintaqamizning, demakki, istiqbolli va ishonchli xalqaro sherikning shakllanishiga hissa qoʼshmoqdamiz.
 
Natijada dunyoda Markaziy Osiyoga eʼtibor izchil ortib bormoqda, bizning birgalikda ilgari surayotgan tashabbuslarimizni qoʼllab-quvvatlashga yetakchi davlatlar va xalqaro moliya tuzilmalarining qiziqishi tobora kuchaymoqda.
 
Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlarining xorijiy sheriklar bilan turli formatlarda yaqin va tizimli muloqotini va Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida oʼzaro hamkorlikni davom ettirish muhim, deb hisoblayman.
 
Muhtaram delegatsiya rahbarlari va aʼzolari!
 
Kengayib borayotgan mintaqaviy sheriklikning ustuvor yoʼnalishlari haqida gapirganda, quyidagilarni alohida taʼkidlab oʼtmoqchiman.
 
Birinchi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi vazifalarni amalga oshirishga bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etish muhimdir. Bular butun mintaqaning jadal taraqqiyoti va raqobatbardoshligini taʼminlashning ustuvor vazifalaridir.
 
Bu borada Markaziy Osiyo investitsiya forumi va mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalarining ilk yigʼilishini oʼtkazish, Transport-kommunikatsiyalar boʼyicha mintaqaviy kengashni tashkil etishni tezlashtirishni taklif etamiz.
 
“Bir sayohat bilan – butun mintaqa boʼylab” tamoyili asosida qoʼshma dasturlarni ilgari surish uchun Xalqaro turizm konferentsiyasini tashkil etishni taklif etamiz.
 
Ikkinchi. Bosh vazir oʼrinbosarlari va tashqi ishlar vazirlarining koʼp tomonlama uchrashuvlarini muntazam tashkil qilish bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlari Parlamentlararo doʼstlik guruhini taʼsis etishni taklif qilamiz.
 
Uchinchi. “Markaziy Osiyo – yagona oʼtmish, umumiy kelajak” shiori ostida madaniy-gumanitar almashuv platformasining yaratilishi barcha xalqlarimiz manfaatlariga javob beradi, deb oʼylayman.
 
Sizlarning qoʼllab-quvvatlashingiz bilan ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalarida erishgan salmoqli yutuqlari uchun Markaziy Osiyo mukofotini taʼsis etish, shuningdek, universitetlar forumlari va mintaqaviy sport oʼyinlarini tashkil etish taklif qilinmoqda.
 
Har yili Navroʼz bayrami arafasida navbati bilan har bir mamlakatda Markaziy Osiyo madaniyat kunlarini oʼtkazishni muhim, deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
 
Toʼrtinchi. Mintaqaning murakkab suv va ekologik muammolarini hal qilish va yechish oʼzaro muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni talab qiladi.
 
Innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini tatbiq etish, choʼllanishning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish va boshqa kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida BMT shafeligidagi Orolboʼyi mintaqasi uchun Trast fondi imkoniyatlarini samarali ishga solish muhim, deb hisoblaymiz.
 
Suv resurslaridan birgalikda foydalanishning dolzarb masalalarini hal qilishning barcha uchun maqbul yechimini izlashni davom ettirish lozim.
 
Beshinchi. Eng muhim ustuvor vazifa – mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdan iborat.
 
Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga keng miqyosda qarshi turish uchun mamlakatlarimizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari va maxsus xizmatlarining operativ hamkorlik qilishi boʼyicha ishchi mexanizmlarni yaratish tarafdorimiz.
 
Аfgʼoniston bizning mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu mamlakatga tinchlik va taraqqiyot yoʼliga qatʼiy qadam qoʼyishi uchun yordam berish barchamizning umumiy manfaatlarimizga toʼliq mos keladi.
 
Muammoni siyosiy yoʼl bilan hal qilish borasidagi asosiy tamoyillarga amal qilish zarur, deb hisoblaymiz. Аvvalambor, bu – zoʼravonlikdan voz kechish, oʼt ochishni toʼxtatish, muloqot va murosaga tayyorlikni namoyon etishdan iborat.
 
Bundan tashqari, Аfgʼonistonda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga faol jalb etishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish oʼta muhimdir.
 
Hurmatli doʼstlar!
 
Bugun shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, bizning mamlakatlarimiz oʼrtasida deyarli barcha asosiy yoʼnalishlar boʼyicha koʼp tomonlama munosabatlarning yangi tizimi barpo etilmoqda.
 
Ushbu ijobiy va shiddatli jarayonning negizida xalqlarimizning oʼzaro intilishi va manfaatlarining mushtarakligi mujassamdir.
 
Ishonchim komilki, bugun belgilab olingan barcha ustuvor vazifalar kelgusida Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish boʼyicha bizning yagona qarashimizda oʼz aksini topishi kerak.
 
Biz oʼzaro hamkorligimizning asosiy maqsad va tamoyillarini kelishib olishimiz, inson, kapital, tovar va xizmatlarning harakati, shuningdek, keng koʼlamli madaniy-gumanitar almashuvlar uchun qulay sharoitlar yaratib berishimiz lozim.
 
Umid qilamanki, bugun Toshkentda boʼlib oʼtgan Maslahat uchrashuvi munosabatlarimizda yangi sahifa ochib, Markaziy Osiyoda doʼstlik, yaxshi qoʼshnichilik va sheriklikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini yoʼlga qoʼyish va shakllantirishga xizmat qiladi.
 
Eʼtiboringiz uchun rahmat.​

Ishonch telefoni

1097


Onlayn foydalanuvchilar

Onlayn foydalanuvchilar: 581
Система Orphus

So'rovnoma

Yangi saytimizni baholang

Yangiliklarga obuna bo'ling

So'rovnoma

Foydali resurslar


Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing