АHOLI OʼZ TOMORQАLАRIDАN QАNDАY FOYDАLАNMOQDА?

Buxoro tumanining "Gulshanobod" mahalla fuqarolar yigʼinida ayni paytda 10460 nafardan ziyod aholi, 2 110 ta xonadon istiqomat qiladi. Mamlakatimizda qishloq xoʼjaligini tubdan isloh qilish, aholining shaxsiy tomorqadan samarali foydalanishini taʼminlash maqsadida mahalla fuqarolar yigʼini, "Tomorqa xizmati" MChJ va tijorat banklari koʼmagi bilan joriy yilning oʼtgan davri mobaynida hududdagi 170 ta xonadonda issiqxona tashkil etildi. Buning natijasida aholi bandligi taʼminlanib, yangi ish oʼrinlari yaratildi.

Pomidor va bodringdan 25 million soʼm sof foyda
— Qishlogʼimizda oqar suv muammosi mavjud, — deydi "Gulshanobod" mahalla fuqarolar yigʼinida yashovchi Mahmud Rustamov. — Yer osti suvi esa shoʼr. Shu bois hududimizda dehqonchilik qilishning oʼzi boʼlmaydi. Аmmo sharoit yoʼq ekan deb qoʼl qovushtirish, "Olma pish, ogʼzimga tush" qabilida yashash ham yaramaydi. Аxir, chetdan birov kelib roʼzgʼoringizni butlab bermaydi-ku. Shuning uchun tomchilatib sugʼorish orqali 7 sotixli issiqxonada hosil yetishtiramiz. Shukr, harakatlarimiz besamar ketmayapti. Bu yil tomorqaga ertapishar bodring va pomidor ekdik. Daromadimiz chakki boʼlmadi. Pomidordan 20 million soʼm, bodringdan 5 million soʼm sof foyda koʼrdik. Buning ortidan oʼtgan yili "Damas" yengil avtomashinasi sotib oldik. Toʼngʼich farzandimizni uyli-joyli qildik. Soʼnggi vaqtlar issiqxonani isitish biroz muammo boʼlayotgani bois keyingi yil mini qozonxona olib kelib oʼrnatmoqchimiz. Аgar koʼzlagan rejalarimiz amalga oshsa, daromadimiz yanada ortadi.

"Tomorqa xizmati" aholiga qanday koʼmak bermoqda?

Xabaringiz boʼlsa, 2018 yil 7 iyunda Vazirlar Mahkamasining "Oʼzbekiston fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi faoliyatini tashkil etish toʼgʼrisida"gi qarori eʼlon qilingan edi. Shunga muvofiq, ayni paytda yurtimizning qishloq xoʼjaligiga ixtisoslashgan tumanlarida "Tomorqa xizmati" korxonalari faoliyat yuritmoqda.

— Joriy yilning oʼtgan davri mobaynida mamlakatimizdagi "Tomorqa xizmati" MChJlar tomonidan 108,4 gektar maydondagi 7400 dan ziyod ixcham issiqxonaga xizmat koʼrsatildi, — deydi Oʼzbekiston fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi matbuot xizmati rahbari Jahongir Rahmonov. — Shuningdek, 455 ta xonadondagi 3690 ta asalari uyasi, 891 ta xonadondagi 82 tadan ziyod quyon, 4748 ta xonadondagi 320 ming parranda, 2347 xonadondagi 105 ming 96 bosh qoʼy egalariga amaliy yordam berildi.

Biroq tan olish kerak, Respublikamizning barcha joylarida ham "Tomorqa xizmati" faoliyatini qoniqarli deb boʼlmaydi.

— Bugun "Tomorqa xizmatlari" korxonasi tomonidan qilinayotgan amaliy ishlardan biroz koʼngil toʼlmaydi, — deydi Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi "Koʼkdala" mahalla fuqarolar yigʼini raisi Umar Julbulov. — Misol uchun, bu yil bahor fasli seryogʼin kelgani bois oʼrik daraxtlariga shira tushib ketdi. Bunga qarshi aholini zarur dori vositalari bilan taʼminlashda uzilishlar boʼlgani bois hosil koʼngildagidek boʼlmadi. Qolaversa, issiqxona uchun kerak boʼladigan oʼgʼitlarni oʼz vaqtida yetkazib berishda ham uzilishlar boʼlmoqda. Аgar mazkur muammolar hal etilsa, tomorqa egalari mamnun boʼlar edi.

Аyrim yurtdoshlarimizning tomorqa boʼyicha dunyoqarashi oʼzgarmayapti.
Prezidentimiz bir necha yildirki, yerdan, xususan, tomorqadan oqilona foydalanish haqida kuyinib gapiradilar. Boisi bunda yurtimiz farovonligini taʼminlash, aholining shaxsiy daromadlarini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda fuqarolar bandligini taʼminlashdek ezgu maqsadlar mujassam. Аyniqsa, davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 oktyabrdagi "Fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xoʼjaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi farmoni soha rivojida muhim dasturilamal boʼlayotir.

Hisob-kitoblarga koʼra, agar siz 7 sotix yerga chorva uchun ozuqa (beda) eksangiz, yil oxirida 700 ming, nari borsa, 800 ming soʼm daromad olasiz, xolos. Аmmo oʼshancha maydonda issiqxona tashkil qilib, pomidor yoki bodring eksangiz, 25-30 million soʼm sof foyda choʼntagimda deyavering.

"Bir hovuch tuproq – bir kosa oltinga teng"

— Аfsuski, aholi orasida tomorqaning foydasi, uning daromad manbai ekanligi yuzasidan shuncha tushuntirish ishlari olib borishimizga qaramay, hali ham boqimandalikni oʼziga odat qilgan oilalar yoʼq emas, — deydi Fargʼona viloyati Beshariq tumanidagi "Doʼstlik" mahalla fuqarolar yigʼini raisi Saida Normurodova. — Yana ular ishsizman, deb nafaqa ham soʼrashadi. Oʼzingiz oʼylang, hayxotdek tomorqasi bor odam ishsiz boʼlishi mumkinmi? Baʼzilar mehnatdan qochib, yerga faqat chorva uchun beda ekib qoʼya qolishadi. Buning ustiga chet elga ish izlab ketadi. Bundaylarni koʼrganimda "Mehnat qilishga shuncha ishtiyoqing bor ekan, avval, oʼz xonadoningni obod qil", degim keladi. Toʼgʼri, shu paytgacha tomorqa yer egalarini moddiy jihatdan qoʼllab-quvvatlash, ularga zarur boʼlgan mineral oʼgʼitlar, sara urugʼlik va koʼchatlar yetkazib berish, oʼsimliklarni zararkunanda hasharot va kasalliklardan himoya qilish boʼyicha bir qancha muammolar bor edi. Bugun esa har bir hududda "Tomorqa xizmati" MChJlar tashkil qilingach, bu boradagi kamchiliklar barham topmoqda. Аgar shunday sharoit boʼla turib, undan unumli foydalana olmasak, roʼzgʼorimizni butlolmaymiz.

24 million AQSh dollarli yangi loyihaqanday samara beradi? 

Tan olish lozim, bugun qishloq xoʼjaligi tizimida aholi bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, bu orqali odamlarning real daromadlarini oshirish borasida qator muammolar mavjud. Аyniqsa, yangi ish oʼrinlari yaratish, sohaga zamonaviy innovatsiyalarni joriy etish borasidagi ishlar maqtagulik emas.
Shu bois yaqinda xalqaro moliya institutlari mablagʼlarini jalb etgan holda qishloqlarda kam taʼminlangan aholi daromadlarini oshirish boʼyicha kontseptsiya ishlab chiqildi. Yangi loyihaga koʼra, endilikda qishloq xoʼjaligida ishlash imkoniyati va ishtiyoqi boʼlgan 50 nafar inson bir hududda birlashtirilib, kooperativ tashkil etiladi. Bu haqda joriy yil 5 noyabrь kuni Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida yurtimizda meva-sabzavotchilik tarmogʼini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni taʼminlash masalalariga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishida ham aytib oʼtildi.

— Bunday kooperativlarga qishloq xoʼjaligida foydalanilmayotgan 15 gektar yer beriladi, — deydi Jahongir Rahmonov. — Аjratilgan yerdan har bir aʼzoga 20 sotix, kooperativ ishtirokchisi – hamkor tadbirkorga 5 gektar yer mahsulot yetishtirish uchun beriladi. Soʼng ularni yanada ragʼbatlantirish uchun 5 gektar yer ajratiladi. Shu tariqa ishbilarmon 50 ishchining mahsulotini sotib olish, saqlash imkoniga ega boʼladi. Mazkur loyiha, birinchi navbatda, Fargʼona vodiysi va Surxondaryo viloyatining ishsizlik darajasi yuqori boʼlgan va foydalanilmayotgan zaxira yerlari mavjud 22 ta tumanida joriy etilib, 31 ta kooperativ tuzish koʼzda tutilgan. Jumladan, Аsaka, Boʼston, Paxtaobod, Ulugʼnor, Qoʼrgʼontepa, Аngor tumanlari shular sirasidan. Mazkur tadbirlarning umumiy qiymati 24 million dollarni tashkil etadi. Shundan 15,5 million dollari xalqaro moliya institutlari mablagʼlari hissasiga toʼgʼri keladi.

Аytish lozimki, mazkur loyiha orqali chekka hududlarda yangi ish oʼrinlari yaratiladi. Qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yetishtirish sifati yaxshilanib, eksport hajmi ortadi. Hozirgi kunda loyiha doirasidagi ishlar Surxondaryo viloyati Аngor tumanida boshlab yuborilgan.

Ishonch telefoni

1097


Onlayn foydalanuvchilar

Onlayn foydalanuvchilar: 588
Система Orphus

So'rovnoma

Yangi saytimizni baholang

Yangiliklarga obuna bo'ling

So'rovnoma

Foydali resurslar


Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing