YER RESURSLARINI ASRAB AVAYLASH, UNDAN SAMARALI FOYDALANISH BORASIDA AMALGA OSHIRALAYOTAN ISLOHOTLAR VA ULARNING NATIJALARI

Tarixni olib qaraydigan bo‘lsak, hamma zamonda ham yer masalasi, yerdan samarali va maqsadli foydalanish davlat siyosatida eng muhim bosh masalalardan biri bo‘lib kelgan va buning oddiy haqiqati barchamizning tirikchilik manbaimiz, ishlab chiqarish vositamiz va yashash makonimiz ekanligidadir.

Bugungi kunda respublikamizning jami yer maydoni 44,9 mln. gektarni tashkil etib, shundan qishloq xo‘jaligi yerlari 20,2 mln ga (45 %)ni va shundan 4,3 mln. gektari yoki 9,5 foizi sug‘oriladigan ekin yer maydonlarini tashkil etadi hamda ushbu yerlar respublikamizning “oltin fondi” hisoblanadi. Oziq-ovqat mahsulotlari va iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom-ashyoning katta qismi mazkur suvli yerlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bugunda nafaqat respublikamiz ehtiyoji uchun oziq-ovqat va asosiy sanoat xom-ashyosi bazasini taʼminlab kelmoqda, balki jahon bozorlarida ham katta hajmda eksport yo‘lga qo‘yilgan. Shu sababdan ham respubilkamizdagi sug‘oriladigan yerlar alohida muhofaza etiladi.

Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng agrar sohasini yanada isloh qilinishi, yerga bo‘lgan mulk huquqini o‘zgarishi sharoitida yer resurslaridan samarali foydalanish tamoyillariga alohida eʼtibor qaratildi.

Birinchidan, mustaqillikning dastlabki davrlarida respublikamiz qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qishloqda ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirish, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini boshqarishning bozor tamoyillariga mos keladigan tashkiliy tuzilmasini tadbiq etish maqsadida sobiq kolxoz va sovxozlar bosqichma-bosqich tugatilib, uning bazasida yangi mulkdorlar sinfi - fermer xo‘jaliklari tashkil etildi. Sug‘orma dehqonchilik hamda sug‘oriladigan ekin maydonlari cheklanganligi sharoitida mulkchilikning ijara shakllari va shartnomaviy munosabatlarga asoslangan xo‘jalik yuritish tizimi tashkil etildi.

Ikkinchidan, fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanilishini taʼminlash, yerning ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy innovatsion va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, fermer xo‘jaliklarining moliyaviy va iqtisodiy holatini mustahkamlash maqsadida fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari maydonlari maqbullashtirildi.

Uchinchidan, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ularning unumdorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini ko‘paytirish, shuningdek melioratsiya ishlarini tashkil qilish maqsadida 2007 yilda Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi tashkil etildi. Har yili qabul qilinadigan Davlat dasturlari asosida davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga jami 1,7 mln. gektardan ortiq sug‘oriladigan maydonlarning suv taʼminoti hamda 2,5 mln. gektar maydonlarning meliorativ holatining yaxshilanishiga erishildi. Aksariyat hududlarda tuproqning ball boniteti 2-3 ballga ko‘tarildi.

To‘rtinchidan, so‘ngi ikki yilda qishloq xo‘jaligida yangi tizim, klaster tizimi joriy etila boshlandi. Klaster - bitta sohaga birlashgan va bir-biri bilan uzviy aloqada bo‘lgan korxonalar guruhi bo‘lib, maʼlum bir turdagi qishloq xo‘jaligi ekinini ekishdan boshlab, qayta ishlash, butlash, saqlash, eksport qilish, ilmiy ishlanmalarni yo‘lga qo‘yish, urug‘chilik va boshqa muhim yo‘nalishlar mujassamlashgan bo‘ladi.

Bundan eng asosiy maqsad - hududlarni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish, tadbirkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro taʼsirlashish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subʼyektlarining innovatsion faolligini hamda hududlar innovatsion jozibadorligini yuksaltirish, hududiy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishning yangi imkoniyatlarini yaratish.

Beshinchidan, yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish, yer osti suv zahiralaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ichki irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruktsiya qilish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish, shuningdek, bu ishlarda salohiyatli investorlar ishtirokini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 5742-sonli Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon bilan qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish kontsepsiyasi hamda 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. 2030 yilga qadar jami 1 mln. 111 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish samaadorligini oshirish, bunda yillar davomida foydalanishdan chiqib ketgan 298 ming gektar sug‘oriladigan yerlarni qayta o‘zlashtirish, 813 ming gektar lalmi va yaylov yerlarda foydalanish samaradorligini oshirish belgilab berildi.

Shuningdek, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarini maxsus muhofaza qilish, ekin yerlarni kamayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ushbu yerlarni turli xil qurilish uchun faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan ruxsat etilishi qattiq belgilab qo‘yildi. Maʼlumki, shu kungacha amaldagi qonunchilikka muvofiq suvli ekin yerlarni noqishloq xo‘jalik ehtiyojlari uchun tuman va viloyat hokimlari tomonidan ajratib kelinar edi.

Shuningdek, irrigatsiya-meloratsiya tarmoqlarini tiklash, rekonstruktsiya qilish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda suvsizlikka chidamli ekinlarni ekish orqali foydlanishga kiritish uchun investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida ijaraga foydalanish huquqi bilan berilishi belgilab berilgan.

Xulosa o‘rnida shuni taʼkidlash lozimki, mustaqillikning ilk davridan boshlab shu kungacha qishloq xo‘jaligida amalga oshirilib kelinayotgan barcha islohotlar zamirida yer resurslaridan yanada samarali va maqsadli foydalanish, yer munosabatlarini tartibga solish, sug‘oriladigan yerlarning unumdorligini oshirish, ekin yerlarni asrab-avaylash, aholi daromadini yanada oshirish, xalqimiz hayotini yaxshilash maqsadi mujassam.

Ishonch telefoni

1097


Onlayn foydalanuvchilar

Onlayn foydalanuvchilar: 581
Система Orphus

So'rovnoma

Yangi saytimizni baholang

Yangiliklarga obuna bo'ling

So'rovnoma

Foydali resurslar


Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing