Shrift o'lchami: A A A
Цвет сайта: A A A A

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasining “Geodeziya va kartografiya to‘g‘risida”gi qonunining ijrosi yuzasidan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davla

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasining “Geodeziya va kartografiya to‘g‘risida”gi qonunining ijrosi yuzasidan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisining axboroti eshitildi. 

Mamlakatimizda sanoat, transport, qurilish, energetika, turizm kabi sohalarning jadal rivojlanishi geodeziya xizmatlari va kartografiya mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. 

“Geodeziya va kartografiya to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar, Prezidentimiz farmonlari, hukumat qarorlari hamda qonunosti hujjatlari geodeziya va kartografiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun huquqiy baza bo‘lib xizmat qilmoqda. 

– Mamlakatimiz hududlarining mukammal xaritalarini grafik, raqamli, fotografik va boshqa shakllarda yaratish, yangilab turish va nashr qilish ishlari muntazam amalga oshirilmoqda, – deydi “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi raisi Saidqul Arabov. – Bu iqtisodiyot tarmoqlarining turli sohalari talabidan kelib chiqib, yerdan foydalanuvchilar, hududlarni xaritaga tushirish, shaharsozlik, mudofaa, geologiya konlari monitoringini amalga oshirishda qo‘l kelmoqda. Umumiy geografik, siyosiy-ma’muriy, ilmiy-axborot beradigan va boshqa tarmoqlararo ahamiyatga molik mavzuli xarita va atlaslar, o‘quv kartografiya qo‘llanmalari tayyorlanib, nashr etilmoqda. 

Hozir ta’lim muassasalari uchun atlas va kontur xaritalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarning umumiy geografik va siyosiy-ma’muriy xaritalari yaratildi. Yurtimizning diqqatga sazovor joylari, yodgorliklar va boshqa obyektlar tasvirlangan turistik xaritalar o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilmoqda. Mustaqilligimizning 25-yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasining geografik atlasi” yangi tahrirda nashr etildi. 

– Geodeziya va kartografiya ishlarini o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirmaslik, bajarilgan ishlar to‘g‘risida texnik hisobotlar va geodezik punktlar holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaslik, geodezik asbob-uskunalarni metrologik ko‘rikdan o‘tkazish normalarini buzish holatlari uchramoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat Tursunboyev. – Xususan, 2015-yil va joriy yilning birinchi yarim yilligida o‘tkazilgan rejali tekshiruvlarning aksariyatida kamchiliklar aniqlangan. Jumladan, “Guliston suv loyiha”, “Surxon kafolat loyiha”, “Buxoro yo‘l loyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyatida normativ-texnikaviy hujjatlar talablariga rioya etilmagan holatlar kuzatilgan. 

Eshituvda O‘zbekistonning umumjahon geodeziya tarmog‘iga kirish imkoniyatini yaratadigan, milliy manfaatlardan kelib chiqadigan yangi davlat geodezik yo‘ldoshli tarmog‘ini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, amaldagi qonunning ayrim normalari geodeziya va kartografiyaga oid faoliyatni tashkil etish, boshqarish va rivojlantirishning zamonaviy talablaridan orqada qolayotganligi, uni takomillashtirish zarurligi to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi. Eshituv yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

uza.uz

Foydali resurslar